Bugungi kunda, muammoli o‘qitish deganda mashg‘ulotlarda pedagog tomonidan yaratiladigan muammoli vaziyatlar va ularni yechishga qaratilgan o‘quvchilarning faol mustaqil faoliyati tushuniladi. Buning natijasida tarbiyalanuvchilar bilimlarga, ko‘nikmalarga, malakalarga ega bo‘ladilar va fikrlash qobiliyatlari rivojlanadi. Muammoli o‘qitish, o‘qitishning shaxsga yo‘naltirilgan texnologiyalarga taalluqli, chunki bu yerda shaxs sub’yekt sifatida qaraladi, muammoli vaziyatlarning maqsadi - pedagogik jarayonda o‘ziga xos qiziqish uyg‘otishdir.
O‘quv materialini muammoli taqdim etilishining mohiyati shundaki, unda tarbiyachi bilimlarni tayyor holda taqdim etmasdan, bolalar oldiga muammoli masalalar qo‘yadi, ularni yechimining yo‘llari va vositalarini izlashga undaydi. Muammo, yangi bilimlar va harakat usullar sari, o‘zi yo‘lga boshlaydi. Shuni qat’iyatlik bilan ta’kidlash lozimki, bu yerda yangi bilimlar ma’lumot uchun emas, balki muammo yoki muammolarni yechimi uchun beriladi.
An’anaviy pedagogik usuldagi– bilimlardan muammoga qarab – tarbiyalanuvchilar mustaqil ilmiy izlanish ko‘nikma va malakalarini hosil qila olmaydi, chunki ularga o‘zlashtirish uchun tayyor natijalar taqdim etiladi.
Muammoning yechimi ijodiy fikrlashni taqozo etadi. O‘zlashtirilgan bilimlar shablonlarini takrorlash bilan bog‘liq bo‘lgan reproduktiv psixik jarayonlar, muammoli vaziyatlarda hech qanday samara bermaydi. Agar inson muntazam tayyor bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga o‘rgatilgan bo‘lsa, uning tabiiy ijodiy qobiliyatini so‘ndirish ham mumkin; u mustaqil fikrlashni «esdan chiqaradi». Fikrlash jarayoni muammoli masalalarni yechishda a’lo darajada namoyon bo‘ladi va rivojlanadi. Muammoli o‘qitishda kechadigan jarayonlarning psixologik mexanizmi quyidagicha bo‘ladi: inson ziddiyatli, yangi, noma’lum muammoga (muammo – murakkab nazariy yoki amaliy masala bo‘lib, yashirin ziddiyatlarni qamrab oladi, uning yechimi turli, hatto muqobil vaziyatlarni talab etadi) duch keladi, unda hayratlanish, ajablanish holati paydo bo‘ladi, «gap nimada?» degan savol tug‘iladi. Bola noma’lum yechimni topish uchun mustaqil yoki tarbiyachi yordamida izlanadi. Muammoni jamoaviy hal etishda paydo bo‘luvchi, sub’yekt-ob’yekt-sub’yekt munosabatlari ijodiy fikrlashni faollashtirishga olib keladi.
Muammoli o‘qitishning asosiy belgisi, bu ilmiy, o‘quv yoki barcha faoliyat turlarida paydo bo‘ladigan zaruriy ob’yektiv qarama- qarshiliklar aksi hisoblanadi. Bu esa barcha
sohalarning harakatlantiruvchi va rivojlantiruvchi manbaidir. Shu sababli muammoli o‘qitishni rivojlantiruvchi deb atash mumkin, zero uning maqsadi –bilimlarni, farazlarni shakllantirish, ularni ishlab chiqish va yechishdan iboratdir. Muammoli o‘qitishda fikrlash jarayoni faqat muammoli vaziyatni yechish maqsadida joriy etiladi, u nostandart masalalarni yechish uchun zarur bo‘lgan fikrlashni shakllantiradi.
Muammoli o‘qitish samaradorligining to‘rtta bosh sharti mavjud:
· muammo mazmuniga qarab yetarli qiziqish uyg‘otishnita’minlash;
· muammo yechimidagi har bir bosqichda paydo bo‘ladiganishlarni bajara olish mumkinligini ta’minlash (ma’lum va noma’lumlar nisbatining maqbulligi);
· muammo yechimida olinadigan axborotni tarbiyalanuvchilar uchun muhimligi;
· tarbiyachi va tarbiyalanuvchi orasidagi munosabat xayrixohlik ruhida kechishi, ya’ni tarbiyalanuvchilar tomonidan bildirilgan barcha fikr va farazlar e’tibor va rag‘batsiz qolmasligi zarur;
Muammoli o‘qitishning bosh psixologik-pedagogik maqsadlari quyidagilardan iborat:
· bolaning fikrlash doirasini va qobiliyatlarini o‘stirish, ijodiy ko‘nikmalarini rivojlantirish;
· muammoni mustaqil yechishda va faol izlanish davrida olingan bilim va ko‘nikmalarni talabalar tomonidan o‘zlashtirilishi, buning natijasida ushbu bilim va ko‘nikmalar an’anaviy o‘qitishdagidan ko‘ra ancha mustahkam bo‘ladi;
· nostandart muammolarni ko‘ra oluvchi, qo‘ya oluvchi va yecha oluvchi tarbiyalanuvchining faol ijodiy shaxsini tarbiyalash.